Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida xalq vakillari tomonidan “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, amaldagi “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun 1993-yilda qabul qilingan bo‘lib, unda belgilangan normalar eskirgan, hozirgi zamon talablariga javob bermaganligi sababli davlat sirlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Majlisda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasida davlat sirlarini himoya qilish sohasidagi organlar vakolatlari, maxfiylik darajalari, ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari, davlat sirlaridan foydalanishga ruxsatnoma berish kabi masalalar aniq belgilab berilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan davlat sirlariga kiritilgan ma’lumotlarning 4 ta toifadan iborat chegaralangan ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati belgilanmoqda. Unga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik holati, inson huquqlari buzilishi holatlari va shu kabi boshqa ma’lumotlar maxfiylashtirilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi davlatimizning ochiqlik siyosatini yanada kengaytirishga hamda davlat sirlarini ishonchli himoya qilishning huquqiy asoslarini belgilashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Izohlar: